Shaxsga doir ma’lumotlar

IM.ID axborot tizimining maxfiylik siyosati

IM.ID Servisidan foydalanish jarayonida shaxsga doir va yuz biometrik ma’lumotlarini yig‘ish, ularga ishlov berish, saqlash va himoya qilish tartibi.

IM.ID faqat yuz biometrik identifikatsiyasidan foydalanadi. Kaft tomirlari, barmoq izi, ko‘z to‘r pardasi yoki boshqa biometrik belgilar yig‘ilmaydi va qayta ishlanmaydi.

1. Umumiy qoidalar

1.1. Mazkur Maxfiylik siyosati (keyingi o‘rinlarda — Siyosat) IM.ID axborot tizimidan foydalanish kelishuvining ajralmas qismi hisoblanadi.

Mazkur Siyosat O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Axborot texnologiyalari markazi” davlat unitar korxonasi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tomonidan ishlab chiqilgan IM.ID biometrik identifikatsiya axborot tizimidan (keyingi o‘rinlarda — Servis) foydalanish jarayonida Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish tartibi va shartlarini belgilaydi.

1.2. Foydalanuvchi Servisdan foydalanishni boshlashdan oldin IM.ID axborot tizimidan foydalanish kelishuvi hamda mazkur Siyosat shartlari bilan to‘liq tanishib chiqishi lozim.

1.3. Markaz Foydalanuvchi tomonidan o‘z shaxsga doir ma’lumotlarini uchinchi shaxsga mustaqil ravishda taqdim etishi oqibatlari uchun, agar bunday taqdim etish Markazga tegishli bo‘lmagan axborot tizimi, mobil ilova, veb-sayt yoki boshqa axborot resursida amalga oshirilgan bo‘lsa, javobgar bo‘lmaydi.

1.4. Servisda ro‘yxatdan o‘tish, mazkur Siyosatni elektron shaklda qabul qilish yoki Servisdan foydalanishni boshlash Foydalanuvchining mazkur Siyosatda nazarda tutilgan tartibda uning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilishiga roziligini anglatadi.

Bunda Foydalanuvchi o‘zi taqdim etgan ma’lumotlar, mobil qurilmasidan olingan texnik ma’lumotlar, vakolatli davlat organlarining axborot tizimlaridan qonunchilikda belgilangan tartibda olingan ma’lumotlar hamda yuz orqali identifikatsiya va autentifikatsiya jarayonida shakllangan biometrik ma’lumotlarga ishlov berilishiga rozilik bildiradi.

1.5. Foydalanuvchi mazkur Siyosat shartlariga rozi bo‘lmagan taqdirda, Servisda ro‘yxatdan o‘tmasligi yoki undan foydalanishni to‘xtatishi lozim.

1.6. Mazkur Siyosatda foydalanilgan atamalar va tushunchalar IM.ID axborot tizimidan foydalanish kelishuvida belgilangan ma’nolarda qo‘llaniladi.

1.7. Markaz Servis doirasida shaxsga doir ma’lumotlar bazasining mulkdori va operatori sifatida qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlarni amalga oshiradi.

2. Markaz tomonidan olinadigan va ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlar tarkibi

2.1. Servisning funksional vazifalarini bajarish uchun quyidagi shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilishi mumkin:

a) Foydalanuvchi tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar

  • biometrik pasport seriyasi va raqami;
  • ID-karta raqami;
  • tug‘ilgan sana;
  • JSHSHIR;
  • Foydalanuvchi Servis orqali ixtiyoriy ravishda taqdim etadigan boshqa zarur ma’lumotlar.

b) Yuz orqali identifikatsiya va autentifikatsiya jarayonida shakllanadigan biometrik ma’lumotlar

  • Foydalanuvchining yuz tasviri;
  • identifikatsiya jarayonida kamera orqali olingan foto va videokadrlar;
  • yuz geometriyasiga oid biometrik parametrlar;
  • Foydalanuvchining tirik shaxs ekanligini tekshirish — liveness natijalari;
  • yuz tasvirlarini o‘zaro solishtirish natijalari;
  • biometrik moslik darajasi;
  • identifikatsiya yoki autentifikatsiya jarayonining holati va natijasi.

Servis kaft tomirlari, barmoq izi, ko‘z to‘r pardasi, ovoz yoki boshqa biometrik belgilarni yig‘maydi va ularga ishlov bermaydi.

d) Vakolatli davlat organlarining axborot tizimlaridan olinadigan ma’lumotlar

  • raqamli fotoportret;
  • JSHSHIR;
  • biometrik pasport seriyasi va raqami yoki ID-karta raqami;
  • tug‘ilgan sana;
  • pasport yoki ID-karta berilgan sana;
  • pasport yoki ID-kartaning amal qilish muddati;
  • familiyasi, ismi va otasining ismi;
  • familiyasi va ismining lotin va ingliz yozuvidagi shakllari;
  • jinsi;
  • pasport yoki ID-karta berilgan joy;
  • shaxsning hayot holati to‘g‘risidagi ma’lumot;
  • tug‘ilgan davlati va tug‘ilgan joyi;
  • millati va fuqaroligi;
  • doimiy yoki vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • identifikatsiya va autentifikatsiya qilish uchun zarur boshqa ma’lumotlar.

Mazkur ma’lumotlar faqat vakolatli davlat organlarining axborot tizimlari bilan belgilangan tartibda integratsiya mavjud bo‘lgan taqdirda olinadi.

e) Servisdan foydalanish jarayonida avtomatik ravishda olinadigan texnik ma’lumotlar

  • mobil qurilmaning modeli va ishlab chiqaruvchisi;
  • operatsion tizim nomi va versiyasi;
  • Servis yoki mobil ilovaning versiyasi;
  • qurilma va sessiya identifikatorlari;
  • IP-manzil;
  • mobil aloqa operatori va tarmoq turi;
  • qurilmaning xavfsizlik holati;
  • root, jailbreak, emulyator yoki virtual muhit alomatlari;
  • Servis o‘rnatilgan, yangilangan yoki o‘chirilgan sana va vaqt;
  • Servisga murojaat amalga oshirilgan axborot resursining identifikatori yoki manzili;
  • identifikatsiya va autentifikatsiya uchun amalga oshirilgan harakatlarning turi, holati, sanasi va vaqti;
  • xatoliklar, nosozliklar va diagnostika ma’lumotlari;
  • Servisdan foydalanish bilan bog‘liq boshqa texnik jurnallar.

2.2. Markaz Foydalanuvchining mobil qurilmasidagi kontaktlar, shaxsiy xabarlar, galereyadagi foto va videofayllar, qo‘ng‘iroqlar tarixi hamda Servis faoliyati uchun zarur bo‘lmagan boshqa ma’lumotlarga ishlov bermaydi.

Qurilma kamerasidan faqat yuz tasvirini olish, liveness tekshiruvini o‘tkazish va biometrik identifikatsiya yoki autentifikatsiyani amalga oshirish uchun zarur hajmda foydalaniladi.

2.3. Servis Foydalanuvchining aniq roziligi asosida uning tegishli shaxsga doir ma’lumotlarini Servis bilan integratsiyalashgan tashqi axborot tizimiga, mobil ilovaga, veb-saytga yoki boshqa axborot resursiga yuborishi mumkin.

2.4. Shaxsga doir ma’lumotlarga avtomatlashtirilgan, avtomatlashtirilmagan yoki aralash usulda ishlov berilishi mumkin.

3. Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish va ularga ishlov berish maqsadlari

3.1. Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlariga quyidagi maqsadlarda ishlov beriladi:

  • Foydalanuvchining shaxsini aniqlash;
  • yuz orqali biometrik identifikatsiya va autentifikatsiyadan o‘tkazish;
  • Foydalanuvchining tirik shaxs ekanligini tekshirish;
  • kamera orqali olingan yuz tasvirini vakolatli davlat organlarining axborot tizimlaridan olingan raqamli fotoportret bilan solishtirish;
  • Servis bilan integratsiyalashgan axborot resurslariga ruxsat etilgan kirishni taqdim etish;
  • Foydalanuvchining roziligi asosida zarur ma’lumotlarni integratsiyalashgan axborot resurslariga yuborish;
  • Servis va Foydalanuvchi akkaunti xavfsizligini ta’minlash;
  • firibgarlik, boshqa shaxs nomidan foydalanish va ruxsatsiz kirishning oldini olish;
  • shubhali harakatlar va axborot xavfsizligi hodisalarini aniqlash;
  • Servisning barqaror va to‘g‘ri ishlashini ta’minlash;
  • texnik nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish;
  • Foydalanuvchilarga texnik va konsultativ yordam ko‘rsatish;
  • Servisning sifati, tezligi, xavfsizligi va foydalanish qulayligini oshirish;
  • murojaat va shikoyatlarni ko‘rib chiqish;
  • qonunchilik, sud qarorlari va vakolatli davlat organlarining qonuniy talablarini bajarish;
  • shaxssizlantirilgan ma’lumotlar asosida statistik va tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish.

3.2. Shaxsga doir ma’lumotlardan ularni yig‘ish vaqtida bildirilgan maqsadlarga zid maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ma’lumotlarga boshqa maqsadda ishlov berish zarur bo‘lsa, Foydalanuvchiga bu haqda tegishli ma’lumot taqdim etiladi va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda uning alohida roziligi olinadi.

4. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish shartlari

4.1. Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlariga “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, axborotlashtirish va axborot xavfsizligi sohasidagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda mazkur Siyosatga muvofiq ishlov beriladi.

4.2. Shaxsga doir ma’lumotlarga quyidagi asoslardan biri mavjud bo‘lganda ishlov beriladi:

  • Foydalanuvchining roziligi;
  • IM.ID axborot tizimidan foydalanish kelishuvini bajarish zarurati;
  • Markaz zimmasiga qonunchilik bilan yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni bajarish;
  • Foydalanuvchi yoki boshqa shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslar.

4.3. Yuz biometrik ma’lumotlariga qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq va Foydalanuvchining tegishli roziligi asosida ishlov beriladi, qonunchilikda roziliksiz ishlov berishga yo‘l qo‘yilgan holatlar bundan mustasno.

4.4. Foydalanuvchi shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga bergan roziligini qonunchilikda belgilangan tartibda qaytarib olish huquqiga ega. Bunda Servisning ayrim yoki barcha funksiyalaridan foydalanish imkoniyati cheklanishi mumkin.

4.5. Markaz Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini faqat quyidagi hollarda va zarur hajmda uchinchi shaxslarga taqdim etishi mumkin:

  • Foydalanuvchi bunday taqdim etishga aniq rozilik bildirgan bo‘lsa;
  • Servis bilan integratsiyalashgan axborot resursiga autentifikatsiya holatini yoki elektron xizmat uchun zarur ma’lumotlarni yuborish talab etilsa;
  • Markaz nomidan ma’lumotlarga ishlov beruvchi tashkilot bilan qonunchilikka muvofiq shartnoma tuzilgan bo‘lsa;
  • sud qarori, vakolatli davlat organining qonuniy talabi yoki qonunchilik hujjatlari asosida ma’lumotlarni taqdim etish zarur bo‘lsa;
  • Foydalanuvchining yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish zarur bo‘lsa;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda.

4.6. Markaz nomidan ma’lumotlarga ishlov beruvchi uchinchi shaxslar ulardan faqat Markazning topshirig‘i, belgilangan maqsadlar va tuzilgan shartnoma doirasida foydalanishi hamda ma’lumotlarning maxfiyligi va xavfsizligini ta’minlashi shart.

4.7. Markaz Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini sotmaydi, ulardan noqonuniy tijorat maqsadlarida foydalanmaydi va mazkur Siyosatda nazarda tutilmagan maqsadlarda tarqatmaydi.

5. Shaxsga doir ma’lumotlarni tashqi axborot resurslariga taqdim etish

5.1. Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlari tashqi axborot resursiga yuborilishidan oldin Servis orqali imkon qadar quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:

  • ma’lumotlar taqdim etilayotgan axborot resursining nomi;
  • axborot resursining mulkdori yoki operatori bo‘lgan tashkilot nomi;
  • ma’lumotlarni taqdim etish maqsadi;
  • uzatiladigan shaxsga doir ma’lumotlar ro‘yxati;
  • Foydalanuvchidan talab qilinayotgan rozilikning amal qilish doirasi.

5.2. Ma’lumotlar faqat Foydalanuvchi tegishli harakatni tasdiqlaganidan yoki amaldagi rozilik mavjud bo‘lganidan so‘ng taqdim etiladi.

5.3. Foydalanuvchi tashqi axborot resursiga takroran murojaat qilganida, ma’lumotlar avval berilgan amaldagi rozilik, amaldagi sessiya yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asos mavjud bo‘lsa qayta rozilik olinmasdan taqdim etilishi mumkin.

5.4. Tashqi axborot resursiga taqdim etilgan ma’lumotlarga keyinchalik ishlov berish tegishli axborot resursi mulkdori yoki operatorining maxfiylik siyosati va foydalanish shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

6. Shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash va himoya qilish

6.1. Shaxsga doir ma’lumotlar ularni yig‘ish va ularga ishlov berish maqsadlariga erishish uchun zarur bo‘lgan muddat davomida yoki qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi.

6.2. Saqlash muddati ma’lumotlarni yig‘ish maqsadi, Foydalanuvchining Servisdan foydalanish muddati, axborot xavfsizligi hodisalarini tekshirish zarurati, murojaat va nizolarni ko‘rib chiqish muddati hamda qonunchilikdagi majburiy saqlash muddatlaridan kelib chiqib belgilanadi.

6.3. Ma’lumotlarga ishlov berish maqsadiga erishilganda yoki ularga ishlov berish uchun huquqiy asoslar bekor bo‘lganda, ma’lumotlar qonunchilikda belgilangan tartibda yo‘q qilinadi, shaxssizlantiriladi, arxiv saqloviga topshiriladi yoki ulardan foydalanish cheklanadi.

6.4. Yuz biometrik ma’lumotlari O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalar va axborot tizimlarida saqlanadi.

6.5. Markaz shaxsga doir ma’lumotlarni tasodifiy yoki noqonuniy yo‘q qilish, o‘zgartirish, bloklash, nusxalash, taqdim etish, tarqatish va ularga ruxsatsiz kirishdan himoya qilish uchun zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘radi. Bunday choralar ma’lumotlarni uzatish kanallarini shifrlash, kirish huquqlarini cheklash, autentifikatsiya va avtorizatsiya, texnik jurnallarni yuritish, zaifliklarni aniqlash, monitoring, zaxira nusxalash va xodimlar maxfiyligini ta’minlashni o‘z ichiga olishi mumkin.

6.6. Shaxsga doir ma’lumotlar bilan bog‘liq xavfsizlik hodisasi aniqlangan taqdirda, Markaz hodisaning sabab va oqibatlarini aniqlash, zarar ko‘lamini kamaytirish va kelgusida takrorlanishining oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.

7. Foydalanuvchining huquqlari

7.1. Foydalanuvchi qonunchilikda belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:

  • Markazda uning shaxsga doir ma’lumotlari mavjudligi to‘g‘risida axborot olish;
  • ma’lumotlarga ishlov berish asoslari va maqsadlari haqida ma’lumot olish;
  • ishlov berilayotgan ma’lumotlar tarkibi bilan tanishish;
  • noto‘g‘ri, to‘liq bo‘lmagan yoki eskirgan ma’lumotlarni o‘zgartirish va to‘ldirishni talab qilish;
  • qonunga xilof ravishda olingan yoki ishlov berish maqsadlari uchun zarur bo‘lmagan ma’lumotlarni yo‘q qilishni talab qilish;
  • berilgan rozilikni qaytarib olish;
  • ma’lumotlarga ishlov berishni vaqtincha cheklashni talab qilish;
  • uning ma’lumotlari taqdim etilgan uchinchi shaxslar to‘g‘risida ma’lumot olish;
  • Markazning harakatlari yoki harakatsizligi ustidan vakolatli davlat organiga yoki sudga shikoyat qilish.

7.2. Foydalanuvchi o‘z huquqlarini amalga oshirish uchun Markazga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

7.3. Markaz murojaat qilgan shaxsning identifikatsiyadan o‘tishini yoki murojaat aynan ma’lumotlar subyektidan kelib tushganini tasdiqlashni talab qilishga haqli.

7.4. Qonunchilikda ma’lumotlarni saqlash yoki ularga ishlov berishni davom ettirish majburiyati mavjud bo‘lsa, Markaz Foydalanuvchining ma’lumotlarni darhol yo‘q qilish yoki ularga ishlov berishni to‘xtatish haqidagi talabini to‘liq bajara olmasligi mumkin.

8. Voyaga yetmagan shaxslarning ma’lumotlari

8.1. Voyaga yetmagan Foydalanuvchilarning shaxsga doir ma’lumotlariga qonunchilikda belgilangan tartibda ularning ota-onasi, vasiysi, homiysi yoki boshqa qonuniy vakilining roziligi asosida ishlov beriladi.

8.2. Markaz voyaga yetmagan shaxsning ma’lumotlari qonuniy vakilning tegishli roziligisiz taqdim etilganini aniqlagan taqdirda, bunday ma’lumotlarga ishlov berishni cheklash yoki ularni qonunchilikda belgilangan tartibda yo‘q qilish choralarini ko‘radi.

9. Siyosatga o‘zgartirish kiritish

9.1. Markaz qonunchilik, Servis funksiyalari, integratsiyalar yoki axborot xavfsizligi talablaridagi o‘zgarishlardan kelib chiqib mazkur Siyosatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega.

9.2. Siyosatning yangi tahriri IM.ID axborot tizimida yoki Markazning rasmiy axborot resurslarida joylashtiriladi.

9.3. O‘zgartirishlar, agar yangi tahrirda boshqa muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, Servisda e’lon qilingan kundan boshlab uch kun o‘tgach kuchga kiradi.

9.4. Foydalanuvchi o‘zgartirishlarga rozi bo‘lmagan taqdirda Servisdan foydalanishni to‘xtatishi lozim. Ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari yoki ma’lumotlar tarkibi sezilarli o‘zgarsa, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yangi rozilik olinadi.

10. Yakuniy qoidalar

10.1. Mazkur Siyosatda tartibga solinmagan masalalar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq hal etiladi.

10.2. Siyosatning biror-bir qoidasi haqiqiy emas deb topilishi uning qolgan qoidalari haqiqiyligiga ta’sir qilmaydi.

10.3. Mazkur Siyosatning amaldagi tahriri IM.ID axborot tizimida yoki Markazning rasmiy axborot resurslarida ochiq holda joylashtiriladi.